YUKSAK MARRALARGA INTILGAN AVLOD

Avval xabar berganimizdek, Qashqadaryo viloyatida “Biz — buyuk yurt farzandlarimiz!” shiori ostida yoshlar festivali bo’lib o’tdi.

Mustaqilligimizning 25 yilligi munosabati bilan “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy kengashi tomonidan tashkil qilingan ushbu aksiya doirasida vohadagi ta’lim muassasalarida ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy mavzularda uchrashuvlar, davra suhbatlari, tanlov hamda seminarlar uyushtirildi.

Ularda deputatlar, yozuvchi-shoirlar, olimlar, aktyorlar hamda taniqli estrada xonandalari qatnashgani tadbir nufuzini yanada oshirdi. “Yurtimni obod etaman!”, “Siz sevgan qahramonlar”, “Zamonamiz qahramonlari”, “Deputat va yoshlar”, “Ommaviy mada-niyat” va yoshlar ma’naviyati”, “Nuroniylar e’zozimizda” kabi loyihalar qashqadaryolik yigit-qizlarda katta taassurot qoldirdi. Turli tanlovlar esa yangi avlod vakillariga o’z iste’dod hamda salohiyatlarini namoyish etishga keng imkoniyat yaratdi.

Chunonchi, festival doirasida Muborak tumanidagi 1-umumta’lim maktabida, Kasbi tumani madaniyat va aholi dam olish markazida xalqaro -tanlovlar hamda fan olimpiadalarida muvaffaqiyat qozongan yoshlar, “Nihol” mukofoti sovrindorlari ishtirokidagi uchrashuvlar ko’tarinki ruhda o’tdi. Faol o’quvchilarga badiiy asarlar sovg’a qilingani ularni yanada quvontirdi.

Tumanlarda uyushtirilgan “Marra bizniki!” loyihasi doirasidagi marafon, “Kichik filmdan katta kinoga”, “Talabalar teatr studiyalari”, “Vatanim — mening faxrim!”, “Yoshlar — jonli ijro tarafdori” kabi tadbirlarda yoshlar ijodiy salohiyatini namoyish etishdi.

Kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar o’quvchilari uchun “O’zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan “Baron” badiiy filmi namoyish qilindi. Tinchlik va osoyishtalikni asrab-avaylash, yomon illatlardan saqlanish mavzuiga bag’ishlangan ushbu kartinadagi voqyealar tomoshabinlarni mulohazaga chorladi.

Festivalning unutilmas voqyealaridan yana biri Kasbi tumanida “Kamolot” -uylarini foydalanishga topshirish marosimi bo’ldi. To’rt qavatli, 32 ta xonadondan -iborat bu ko’rkam inshootda yosh oilalar uchun barcha zarur shart-sharoit yaratilgan.

Uch kun davom etgan yoshlar bayrami Qarshi shahrida o’tkazilgan “Mustaqillik farzandlari” deb nomlangan gala-konsert bilan yakunlandi. Shu kuni turli sohalarda yuqori natijalarni qo’lga kiritgan bir guruh iste’dodli yigit-qizlar taqdirlandi.