INNOVATSION LOYIHALAR NAMOYISHI

Samarqandda IX Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar hududiy yarmarkasi o‘tkazildi. 

Prezidentimizning 2008-yil 15-iyuldagi “Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda Samarqand, Toshkent, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasalari, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi ilmiy-tadqiqot institutlari singari 30 dan ortiq tashkilot ishtirok etdi.

Ular tomonidan sanoat, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, informatsion texnologiyalar hamda ilm-fan sohasidagi 150 ga yaqin innovatsion texnologiya va ishlanmalar namoyish etildi. Shuningdek, ishtirokchilar bu borada amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha tajriba almashish, ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda innovatsion loyihalarga talabgorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish imkoniga ega bo‘ldi.

– Yarmarkada institutimiz olimlari tomonidan yaratilgan 14 innovatsion ishlanma bilan qatnashmoqdamiz, – deydi Samarqand qishloq xo‘jalik instituti rektori, professor T.Ostonaqulov. – Jumladan, kartoshka genofondini saqlash, boyitish asosida serhosil, virusli aynishga chidamli navlar yaratish va birlamchi urug‘chiligini takomillashtirishga oid, yaylovlarni yaxshilash uchun fitomeliorativ o‘simliklar urug‘i va ko‘chatlari ekadigan energiya-resurs tejamkor texnik vositalarni ishlab chiqish, qishloq xo‘jalik ekinlarining krioprotektorlar va kaliyli o‘g‘itlar yordamida sovuqqa chidamliligini oshirish bo‘yicha tadqiqotlarimiz natijalari haqida ma’lumot berdik. Tajriba xo‘jaligimizda sinovdan o‘tgan ushbu loyihalarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha qishloq xo‘jalik korxonalari, fermerlar bilan fikr almashdik.

Tadbirda fermer xo‘jaliklari, sanoat korxonalari va tashkilotlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari bilan texnologiya va ishlanmalar mualliflari o‘rtasida shartnomalar imzolandi.

– Yuz gektar lalmi yerga suv chiqarishda muammolarga duch kelayotgandik, – deydi Qo‘shrabоt tumanidagi “Temirqo‘rg‘on” fermer xo‘jaligi rahbari Rahmiddin Do‘stmurodov. – Bugungi yarmarkada qatnashib, bu muammoga yechim topdik. Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida yaratilgan quyosh batareyalari yordamida artezian quduqlardan suv chiqarish texnologiyasini xarid qilish bo‘yicha shartnoma tuzdik. Shuningdek, yem-xashak uchun suvsizlikka chidamli, istiqbolli “Artishok”, “Kolumb o‘ti” o‘simliklari xaridi borasida Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universiteti olimlari bilan kelishuvga erishdik.

Yarmarka doirasida “Yoshlarning innovatsion g‘oyalari” respublika ko‘rik-tanlovining hududiy bosqichi hamda ilmiy seminar o‘tkazildi. Ko‘rgazmada namoyish etilayotgan innovatsion loyiha va ishlanmalar, olib borilayotgan tadqiqot ishlari haqida ma’ruzalar tinglandi.

Tadbirda tarmoq va sohalarni iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan yangi texnika va texnologiyalar, ilmiy ishlanma va g‘oyalar tanlab olinib, ularni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi.