“ELEKTRON HUKUMAT”: TEZKOR VA QULAY

Gulistonda mahalliy davlat hokimiyati, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining hududiy boshqarmalari faoliyatiga “Elektron hukumat” tizimini joriy qilish va rivojlantirishning dolzarb masalalari mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Sirdaryo viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda parlament quyi palatasi deputatlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi idoralari mas’ul xodimlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi.

– O‘zbekiston Respublikasining “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi qonuni davlat organlari faoliyatining samaradorligini oshirish, tezkorligi va shaffofligini ta’minlash, aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan axborot almashishini mustahkamlashning qo‘shimcha mexanizmlarini yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Xidirov. – Mazkur hujjat ijrosi doirasida elektron hukumat tizimini shakllantirish, tadbirkorlik subyektlari va aholiga interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatishning elektron shakllarini joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2015-yilda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha viloyatda uchta yirik loyiha hayotga tatbiq etilgan bo‘lsa, joriy yilda 20 ta ana shunday loyihani amalga oshirish belgilangan. “Elektron hukumat” tizimi doirasida bir nechta axborot va ma’lumotlar bazasi, 4 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

“O‘zbekiston Respublikasining “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi qonunining asosiy qoidalari”, “Elektron hukumat” joriy qilish va rivojlantirishda Sirdaryo viloyatidagi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining ustuvor vazifalari”, “Tadbirkorlik subyektlariga “Yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish markazlari faoliyatining tashkil etilishi “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirishda muhim qadam” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.