DEMOKRATIK ISLOHOTLARNING MUSTAHKAM KAFOLATI

Mamlakatimiz parlamenti yuqori palatasining navbatdagi yalpi majlisida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, demokratik o’zgarishlarni yanada chuqurlashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy asoslarini izchil mustahkamlashga qaratilgan qator masalalar ko’rib chiqilmoqda. Muxbirimiz bilan suhbatda senatorlar buni alohida qayd etishdi.

F. DADAXODJAYEV,  Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo’mitasi raisi:

— Bugun xalqimiz Navro’z shukuhi bilan yashayapti. Joylarda yangi ijtimoiy ob’yekt-lar ishga tushirilib, obodonlashtirish va ko’kalamzorlashtirish ishlari tobora keng quloch yoymoqda. Odamlarimiz tinch-omon kunlarga shukrona bildirib, Vatan taraqqiyotiga daxldorlik tuyg’usini namoyon etishayotir. Sir emaski, O’zbekiston o’zining tinchlikparvar siyosati bilan jahon maydonida yuksak mavqyega ega bo’lib borayapti. Aynan osoyishtalik mustaqil yurtimiz taraqqiyotining asosi, barcha sohadagi o’sish va rivojlanish poydevoridir. Osmonimiz musaffo, tonglarimiz osuda, ko’nglimizda halovat, turmushimizda xotirjamlik  bor ekan, bunyodkorlik, yangilanishlar davom etaveradi, ayyom quvonchi, obodlik  dillarga ko’chadi.

Davlatimiz rahbari Navro’z bayramiga bag’ishlangan tantanali marosimda alohida qayd etganidek, bunday olijanob, noyob xususiyat va fazilatlarga ega bo’lgan, pok orzu-intilishlar bilan yashayotgan, o’zi uchun tinchlik-omonlikni, musaffo osmonni istaydigan xalqimiz, hyech shubhasiz, yaqin va uzoq qo’shnilari bilan munosabatlarini o’zaro hurmat, do’stlik, hamjihatlik, biri-birining manfaatlarini hisobga olish asosida quradi.

Parlament yuqori palatasi yalpi majlisida ma’qullangan qonunlar, muhokama qilingan masalalar ham xalqimizning mana shu ezgu maqsad va niyatlariga, yurtimizni rivojlantirish bo’yicha belgilab olingan vazifalarning huquqiy negizini mustahkamlashga qaratilgani bilan nihoyatda muhimdir.

T. MADUMAROV, Oliy Majlis Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo’mitasi raisi o’rinbosari:

— Yurtimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar strategiyasi -parlamentning davlat hokimiyati tizimidagi rolini yanada yuksaltirish, uning -vakolatlarini kengaytirish, qonunlarning so’zsiz bajarilishi bo’yicha ijro organlari mas’uliyatini kuchaytirishga xizmat qilayapti.

Misol uchun, 2014-yilda Konstitutsiyamizga tegishli o’zgartish va qo’shimchalar kiritilishi bilan parlament nazorati instituti konstitutsiyaviy maqomga ega bo’ldi.

Prezidentimiz parlament palatalarining 2015-yil 23-yanvardagi qo’shma majlisida konstitutsiyaviy islohotlar nuqtai nazaridan Oliy Majlis palatalari va eng avvalo, fraksiyalarning davlat boshqaruvi organlari faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirishi, qabul qilinayotgan qonunlar, muhim ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy davlat dasturlarining ijrosini ta’minlash borasidagi faoliyati sifat jihatdan yangi asosda qurilishi lozimligini alohida ta’kidlagan edi. Shu ma’noda, senatorlar tomonidan ma’qullangan “Parlament nazorati to’g’risida”gi Qonun oliy qonunchilik hokimiyati faoliyatida yangi sahifani ochib, vakillik organining jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishdagi ishtirokini yanada kengaytiradi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari ishining samaradorligini kuchaytirishga xizmat qiladi. Bu, shubhasiz, senatorlar zimmasiga juda katta mas’uliyat yuklaydi.

N. XOLBOYEV, Oliy Majlis Senati a’zosi:

— “Parlament nazorati to’g’risida”gi Qonunni tayyorlash, uni har tomonlama maromiga yetkazishda parlament a’zolari bilan bir qatorda, olimlar, mutaxassislar, huquqshunoslar, fuqarolik jamiyati instituti vakillari, mahalliy va xorijlik ekspertlar faol ishtirok etdi. Amaldagi qonunchilik batafsil o’rganib chiqildi. -Rivojlangan demokratik davlatlar, xususan, Buyuk Britaniya, Fransiya, AQSh, Janubiy Koreya, Yaponiya va boshqa mamlakatlar parlamentlari faoliyatini huquqiy tartibga solish amaliyoti qiyosiy tahlildan o’tkazildi. Qayd etish lozimki, parlament nazoratining huquqiy asoslari aks ettirilgan yaxlit qonun xalqaro amaliyotda qariyb uchramaydi. Qonunda belgilangan normalar o’tkazilgan qator konferensiya, seminar va davra suhbatlarida amaliy muhokamalar asosida maromiga yetkazildi. Ekspertlarning fikricha, ushbu Qonun parlamentning ham nazorat-tahlil, ham qonun ijodkorligi bilan bog’liq faoliyati samaradorligini oshirishda katta ahamiyat kasb etadi.

Zero, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish aynan joylarda qonunlar ijro etilishini chuqur va muntazam o’rganishga, huquqni qo’llash amaliyotidagi muammolarni o’z vaqtida aniqlashga bog’liqdir. Yangi Qonun bu boradagi ishlarni navbatdagi muhim bosqichga olib chiqish -bilan birga, senatorlardan yanada fidoyilikni, qonunda o’z ifodasini topgan parlament nazorati shakllaridan unumli foydalanishni talab etadi.

T. ISKANDAROV, Oliy Majlis Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo’mitasida doimiy asosda ishlovchi senator:

— Respublikamizda amalga oshirilayotgan bozor islohotlari natijasida iqtisodiyotimiz jadal rivojlanib, aholining turmush sifati izchil yuksalmoqda. O’zbekiston iqtisodiy taraqqiyotning yangi marralari sari intilayotir, jahon iqtisodiyotiga jadal integratsiyalashib borayapmiz. Bu jarayonlar, tabiiyki, “Buxgalteriya hisobi to’g’risida”gi Qonunni yangi tahrirda qabul qilish zaruratini kun -tartibiga olib chiqdi.

Qonunda chet mamlakatlar tajribasi, O’zbekistondagi moliyaviy faoliyat yutuqlari asosida buxgalteriya hisobini yuritish normalari yanada takomillashtirildi. Ular buxgalteriya hisobini birxillashtirishga, amaliyotda bir xilda qo’llashga, buxgalteriya xizmatlari rahbarlari, xo’jalik yurituvchi sub’yektlarning javobgarligini oshirishga qaratilgan. Qonunda buxgalteriya hisobi tizimining ochiqligi va oshkoraligini -ta’minlashga asosiy e’tibor qaratildi. Bu tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish, -korporativ boshqaruvni takomillashtirish, bozor iqtisodiyoti jarayonlarini yanada chuqurlashtirish bo’yicha davlatimiz siyosati bilan uzviy bog’liqdir.

N. RABBIMOVA, Oliy Majlis Senati a’zosi:

— Bugun mamlakatimizda iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash, boshqaruvning zamonaviy hamda samarali usullarini joriy etish bo’yicha keng ko’lamli chora-tadbirlar olib borilmoqda. Darhaqiqat, korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatining samaradorligini tubdan yaxshilash, ularning investorlar uchun ochiqligi va jozibadorligini ta’minlashning muhim omili hisoblanadi. Davlatimiz rahbarining 2015-yil 24-aprelda qabul qilingan Farmoni bu borada muhim qadam bo’ldi. Ushbu hujjatga muvofiq ishlab chiqilgan Qonun asosida “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to’g’risida”gi Qonunga tegishli o’zgartish va qo’shimchalar kiritilmoqda. Ushbu yangi qoida va normalar senatorlarimiz tomonidan atroflicha muhokama qilindi. Binobarin, mazkur o’zgartish va qo’shimchalar aksiyadorlik jamiyatlarining faoliyatini boshqarishda va nazorat qilishda aksiyadorlarning, shu jumladan, minoritar aksiyadorlarning rolini yuksaltiradi.

M. MAQSUDOV, Oliy Majlis Senati a’zosi:

— Ma’lumki, Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 23 yilligiga bag’ishlangan tantanali marosimda davlatimiz rahbari qonun hujjatlari ijro etilishini nazorat qilish bo’yicha ularning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish yuzasidan prokuratura organlari faoliyati ustidan parlament nazoratini kuchaytirish zarurligiga alohida urg’u bergan edi. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, huquqiy davlat sharoitlaridagina demokratik tartib saqlab qolinadi, demokratik institutlar hamda qadriyatlar rivojlanadi, inson huquq va erkinliklari ta’minlanadi.

Ushbu vazifadan kelib chiqib, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati hamda Qonunchilik palatasi Kengashlarining qo’shma qarori bilan O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining prokuratura organlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi komissiyasi tuzildi. Bu mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarini mantiqiy jihatdan to’ldirib, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish, parlamentning mas’uliyatini kuchaytirish, prokuratura organlarining o’z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni samarali bajarishida muhim ahamiyat kasb etadi. Albatta, komissiyaning tuzilishi Senat a’zolariga qo’shimcha vakolat berish bilan bir qatorda, katta mas’uliyat ham yuklaydi. Binobarin, komissiya o’z oldiga qo’yilgan vazifalarga og’ishmasdan amal qilishi, bu borada qat’iylik va fidoyilik bilan ish olib borishi parlamentning nufuzini yanada oshirib, fuqarolarning parlamentga bo’lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.